Xabarlarga obuna bo'ling
» » O'zbekistonda yagona maktab formasi tasdiqlandi

O'zbekistonda yagona maktab formasi tasdiqlandi

Sana: 16-08-2018   /   TARBIYA   /   Ko'rishlar: 606
Davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalari o'quvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko'nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ma`naviy va jismoniy sog'lom avlodni kamol toptirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalari o'quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta`minlash chora-tadbirlari to'g'risida” 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqida Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimovning Facebook'dagi sahifasida ma`lum qilindi. 
Qaror bilan davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalari o'quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasining shakllari hamda davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalari o'quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.
Umumiy o'rta ta`lim muassasalari o'quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi 2018/2019 o'quv yilidan boshlab o'quvchilarning davlat umumiy o'rta ta`lim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 o'quv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilandi.
“O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini (Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududida) inobatga olgan holda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro'yxatini hududlar bo'yicha shakllantiradi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida respublikaning har bir tuman (shahar) markazida aholiga qulay joylarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etadi hamda ularning joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e`lon qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, “O'zstandart” agentligi, “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi maktab formasining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga muvofiq sifatli to'qimachilik mahsulotlaridan tayyorlanishi ustidan nazorat o'rnatadi.
Xalq ta`limi vazirligi 2018/2019 o'quv yilidan boshlab maktab formasining davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalarida ixtiyoriy, 2019/2020 o'quv yilidan boshlab maktab formasining davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalarida to'liq joriy etilishini ta`minlaydi. Shuningdek, o'quvchilarning ota-onalari yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar orasida davlat umumiy o'rta ta`lim muassasalariga maktab formasida kelishning afzalliklari to'g'risida tushuntirish ishlarini olib boradi.
Qarorning o'ziga xos muhim jihati tijorat banklariga aholining maktab formalarini xarid qilishi uchun O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo'yicha qisqa muddatli (olti oydan kam bo'lmaydigan) iste`mol kreditlari ajratilishini tashkil etadi.
O'zbekiston Milliy axborot agentligi va O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati, maktab formasi joriy qilinishining o'quvchilar o'rtasida ijtimoiy tenglikni mustahkamlashga va sifatli ta`lim-tarbiya olish uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi ommaviy axborot vositalarida, jumladan, ijtimoiy roliklar orqali muntazam va keng yoritish ishlarini tashkil etadi.
скачать dle 12.0

Fikrlar: 0

Fikr qoldirish
  • Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив