Главная > YANGILIKLAR / TA'LIM > Maktab ta`limi sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tariladi: o'qituvchi nufuzi, ish haqi, imtiyozlar

Maktab ta`limi sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tariladi: o'qituvchi nufuzi, ish haqi, imtiyozlar


16-08-2018, 19:41. Разместил: Admin4shkola
So'nggi yillarda O'zbekistonda o'qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy mavqei va nufuzi pasayib ketgan edi. Shu bois O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismonan sog'lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o'qituvchilik kasbining jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan "Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorni imzoladi.

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov yangi qarorga quyidagicha izoh berdi:
"Prezidentimiz tashabbuslari asosida Xalq ta`limi tizimida tarixiy o'zgarishlar boshlanyapti. Yangi qaror mana shu o'zgarishlarga asos bo'ladi. Hujjatning eng asosiy maqsadi - o'qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish. Shu vaqtgacha bo'lgan davrni tahlil qiladigan bo'lsak, afsuski, xalq ta`limi tizimiga, tekin ishchi kuchidek qarab kelingan va maktab ta`limi tizimi ikkinchi darajaga o'tib qolgan. Prezidentimiz oxirgi selektorlarda maktabning mavqeini oshirish bo'yicha katta vazifalar belgilab berdilar. Shu bois maktabdagi har qanday ortiqcha majburiy mehnatni yo'q qilish, qog'ozbozlikni kamaytirish, qo'shimcha pedagogik yuklamalar tartibga solish va imkon boricha o'qituvchilarga sharoit yaratib berishga alohida e`tibor qaratilmoqda".
Qaror bilan yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ta`lim-tarbiya sifatini mazmun jihatdan yangi bosqichga ko'tarish, o'qituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Oylik ish haqi
Davlat rahbarining qaroriga muvofiq umumiy o'rta ta`lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentabrdan quyidagi ko'rinishda oshiriladi:
  • boshlang'ich sinf o'qituvchilari uchun - 1,1 baravarga;
  • yuqori sinf o'qituvchilari uchun - o'rtacha 1,24 baravarga;
  • direktor, uning o'rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun - 1,1 baravargacha.

2019 yil 1 yanvardan o'qituvchilarning oylik maoshlari:
  • oliy toifali o'qituvchilar uchun - 1,25 baravar;
  • birinchi toifali o'qituvchilar uchun - 1,2 baravar;
  • ikkinchi toifali o'qituvchilar uchun - 1,15 baravar;
  • mutaxassis o'qituvchilar uchun - 1,1 baravar;
  • direktor, uning o'rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun - 1,1 baravargacha oshiriladi.

O'qituvchilarning o'rtacha oylik maoshlari ikkinchi bosqichda - barcha ustamalarni qo'shib hisoblaganda quyidagicha ko'rinish oladi:
  • boshlang'ich sinf o'qituvchilarining oylik maoshlari -o'rtacha hisobda - 34 foizdan 54 foizgacha;
  • yuqori sinf fan o'qituvchilarining oylik maoshlari -o'rtacha hisobda 47 foizdan 64 foizgacha;
  • maktab direktori va ularning o'rinbosarlarining oylik maoshlari - o'rtacha 38-40 foizga;
  • axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilarning oylik maoshlari - o'rtacha 28 foizga;
  • maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 93 foizga oshiriladi.
Moliya vazirligi bo'lim boshlig'i Adham Eshjonov: "Masalan, yuqori sinf o'qituvchilarining oylik maoshi hozirda 1 mln 529 000 so'm bo'lsa, 2018 yil 1 sentabrdan - 1 mln 749 500 so'm, 2019 yil 1 yanvardan esa - 2 mln 501 000 so'mni tashkil qiladi yoki bugungi kunga nisbatan 64 foizga oshirilishi ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, oliy toifali boshlang'ich sinf o'qituvchisi bugungi kunda 1 mln 627 000 so'm oylik maosh oladigan bo'lsa, 2018 yil 1 sentabrdan ularning oylik ish haqi - 1 mln 749 000 so'm, 2019 yil 1 yanvardan esa - 2 mln 501 000 so'mni tashkil qiladi. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan umumiy o'rta ta`lim muassasalarining psixologlariga alohida e`tibor qaratilgan, ya`ni ular hozirgi kunda 637 000 so'm oylik oladigan bo'lsa, 2019 yilning 1 yanvaridan bu ko'rsatkich 1 mln 232 000 so'mni qayd etadi, ya`ni bugungi kunga nisbatan 93 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, psixolog xizmatlarini yaxshilash maqsadida umumiy o'rta ta`lim muassasalarining psixologlar shtatini o'rtacha 2 mingtaga ko'paytirish ko'zda tutilgan. 2019 yil 1 yanvardan amalga kiritiladigan soliq islohotlari natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i 12 foiz qilib belgilanishi hamda byudjyetdan tashqari pensiya jamg'armasiga ushlanmalarning bekor qilinishi natijasida o'qituvchilarning qo'lga oladigan oylik ish haqlari sezilarli darajada oshiriladi".



Har bir maktabda psixolog xizmatlari
Endilikda har bir ta`lim muassasasida psixolog xizmatlari yo'lga qo'yiladi. Umumiy o'rta va o'rta-maxsus ta`lim muassasalarida o'quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentabrdan psixolog shtab birliklari maktabdagi o'quvchilar soni:
  • 250 nafargacha bo'lganda - 1 shtat birligi;
  • 250 nafardan 800 nafargacha - 1,5 shtat birligi;
  • 800 nafardan 1600 nafargacha - 2 shtat birligi;
  • 1600 nafardan 3000 nafargacha - 2,5 shtat birligi;
  • 3000 nafardan ortiq bo'lsa - 3 shtat birligi etib belgilanadi. Ularning oylik maoshlari ikki bosqichda, jami 93 foizga oshiriladi.
"O'tish davrida har qanday davlatda ham ta`limga e`tibor berish qiyin bo'ladi, chunki iqtisodiyot o'zi kichik, juda ko'p boshqa sohalarimiz bor, lekin shunga qaramay, prezidentimiz deyarli 3 trillion qo'shimcha pulni aynan ta`lim sohasiga o'qituvchilarning oylik maoshi uchun berishga qaror qildilar. Bizning iqtisodiyotimiz uchun 3 trillion qo'shimcha pul ham katta pul, buni tan olish kerak. Prezidentimiz mamlakatimiz kelajagi uchun o'qituvchining roli katta ekanligini alohida ta`kidladilar", - deydi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov.
Olimpiadalar
Yana bir muhim jihat. Qarorda hududiy, respublika va xalqaro olimpiadalarda sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan o'quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish ko'zda tutilgan.
Sog'lomlashtirish tizimi
Ta`lim rivojiga munosib hissa qo'shgan davlat mukofotlariga sazovor bo'lgan pedagog kadrlarni davlat va xo'jalik boshqaruv organlariga qarashli sanatoriy sog'lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog'lomlashtirish tizimining yaratilishi ham ko'zda tutilgan.
Arzon uy-joy, avtotransport vositalari
Shuningdek, hujjatga asosan, har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida bunyod etilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta`limi tizimidagi pedagog xodimlarga 20 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti asosida berish, "Har bir oila - tadbirkor" dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a`zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtomobil sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratish ham ko'zda tutilgan.


XTV Moliyalashtirish boshqarmasi boshlig'i Ilhom Sirojyev:
"Buni tarixiy voqea deyish mumkin, chunki mazkur qarorda hech qachon kuzatilmagan choralar ko'rilmoqda. Xalq ta`limi tizimidagi o'qituvchilarimizga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun alohida imtiyozli kreditlar belgilandi. Ushbu kreditlar muddati 3 yilni tashkil qilib, 6 oylik imtiyozli davr bilan 7 foiz kredit stavkasi bo'yicha amalga oshirilishi belgilangan. Bundan tashqari, Xalq ta`limi vazirligi qoshida maxsus jamg'arma tashkil etilmoqda. Bu jamg'arma hisobidan o'qituvchilar uchun avtotransport kreditlari ajratiladi".
O'qituvchi va murabbiylar xiyobonlari
Qarorda 2018-2020 yillarda pedagogik kasbi mavqei va obro'sini targ'ib qiluvchi O'qituvchi va murabbiylar xiyobonlarini poytaxt va viloyatlarda tashkil etilishi belgilandi.
Oltin va kumush medallar
Hujjatdagi yana bir muhim jihat shundan iboratki, 2018-2019 o'quv yilidan boshlab umumta`lim maktablari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan maktablar, san`at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga a`lo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun oltin va kumush medallarni berish tartibi joriy qilindi.
скачать dle 12.0
Вернуться назад